Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti

   Institut Samarqand viloyatida joylashgan bo‘lib, ming nafar talaba uchun mo’ljallangan. Loyiha ikki asosiy blokdan iborat: 4 qavatli o‘quv bloki va 2 qavatli sport bloki. O‘quv bloki murakkab trapetsiya shakllarida loyihalangan bo‘lib, ikki qismni bog‘laydigan shisha atrium orqali nafaqat zamonaviylik, balki yengillik hissini ham taqdim etadi. Sport bloki esa aniq, qat’iy to‘rtburchak shaklda bo‘lib, unda keng hovuz va sokin kutubxona joy olgan.
   Binoning tashqi ko‘rinishiga zamonaviy ko‘rkamlik berish uchun to‘q kulrang, qaymoqrang va jigarrang ranglar uyg‘unligi tanlangan. Kompozit materiallar, energiya tejamkor eshik va derazalar yordamida bino zamonaviylik va ekologik barqarorlikning birikmasiga aylangan.
   O‘quv blokining keng va shisha atriumida mehmonlarni baland va ochiq foye kutib oladi. Atriumda joylashgan ikkita panoramali lift, mehmonlarni va talabalarning yuqori qavatlarga qulay ko‘tarilishiga xizmat qiladi. Qavatlar quyidagicha tashkil etilgan: yerto‘lada ombor va xizmat xonalari, birinchi qavatda oshxona, tamaddi xonalari, o‘quv xonalari va laboratoriyalar joylashgan, qavat balandligi 3,9 metr. Ikkinchi va uchinchi qavatlarda ma’ruza zallari, laboratoriyalar va o‘quv xonalari, to‘rtinchi qavatda esa o‘quv xonalari va ma’muriy xonalar joylashgan, bu qavatlarning balandligi 3,6 metr.
   Sport blokining yerto‘lasida yordamchi xonalar joylashtirilgan. Birinchi qavatda hovuz, kiyinish xonalari, ish hududi va konferensiya zallari bor. Ikkinchi qavatda tomosha maydoni, kutubxona va munozara zallari mavjud. Bu xonalar ham baland derazalar bilan ta’minlangan bo‘lib, bunday derazalar tabbiy yorug’likni keng yoyilishiga xizmat qiladi. Binoning tomidagi quyosh panellari esa bu zamonaviy binoni yashil energiya bilan ta’minlaydi, kelajak uchun qulay va ekologik toza muhit yaratadi.

Samarqand | 7-May, 2024-yil

  • Loyiha bosh arxitektori:

    F. Sharahmedov

  • Loyiha bosh enjineri:

    O. Obidov

  • Arxitektor:

    H. Rasulova, I. Toirov, M. Akbaraliyev

  • Maydoni:

    77300,0 м2

  • Darajasi:

    Loyiha

  • Holati:

    Jarayonda